O‘zbekistonliklar yarim yil ichida qaysi davlatlarga eng ko‘p safar qildi?

So‘nggi yillarda turizm nafaqat dam olish va madaniy almashinuv, balki iqtisodiy faollikning muhim ko‘rinishlaridan biriga aylanib bormoqda. Global pandemiyadan keyingi davrda dunyo davlatlari o‘rtasida transport aloqalari tiklandi, viza tartiblari soddalashdi, ko‘plab xalqaro yo‘nalishlar ochildi. Bu esa fuqarolarning chet elga chiqish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirdi.
O‘zbekiston ham bu jarayondan mustasno emas. Aholining hayot darajasi ortib borayotgani, xorijiy ta’lim va mehnat imkoniyatlarining kengayishi, shuningdek, diniy va madaniy turizmga bo‘lgan qiziqishning kuchaygani natijasida xorijga sayohat qiluvchilar soni yildan-yilga ortmoqda. Ayniqsa, 2025 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich yanada yuqoriladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar – iyun oylarida turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan o‘zbekistonliklar soni 3,5 million nafarga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 810 ming nafarga yoki 29,7 foizga ko‘p deganidir.
Eng ko‘p safar qilingan davlatlar ro‘yxati quyidagicha:
1. Qirg‘iz Respublikasi 1 million 527 ming 303 nafar
2. Qozog‘iston 664 ming 669 nafar
3. Tojikiston 631 ming 660 nafar
4. Rossiya 230 ming 412 nafar
5. Saudiya Arabistoni 145 ming 294 nafar
6. Turkiya 102 ming nafar
7. BAA 72 ming 729 nafar
8. Misr 30 ming 959 nafar
9. Tailand 16 ming 671 nafar
10. Vetnam 16 ming 179 nafar
Ushbu ro‘yxatda qo‘shni respublikalar yetakchilik qilmoqda. Bunga sabab transport vositasi va yo‘l masofasi juda qulay. Ko‘plab fuqarolar chakana savdo, xizmat ko‘rsatish va vaqtinchalik mehnat sababli ham boradi. Qolaversa, mintaqaviy tarixiy va ijtimoiy bog‘liqlik sabablari bilan ham ham tez–tez safar qilinadi.
Rossiya esa ish va ta’til manzili hisoblanadi. Ko‘pchilik o‘zbeklar uchun bu yer ish va migratsiya markazi sifatida xizmat qiladi. Ayni paytda, turistik manzillari Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi va tarixiy obidalari tufayli dam olish maqsadida ham tanlanmoqda.
Saudiya Arabistoni diniy turizmda yuqori o‘sish qayd etgan. 145 mingdan ortiq fuqaro bu davlatga safar qilgani Umra va Haj ziyoratlari ko‘lamining kengaygani, hukumat tomonidan ziyoratchilarni tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kuchayganini anglatadi.
Turkiya o‘zbekistonliklar uchun tili va madaniy o‘xshashlik, viza rejimining soddaligi, shuningdek, ta’lim olish imkoniyatlari bilan ommalashmoqda. Turkiyada sanoat ancha rivojlangani uchun ko‘pchilik mahalliy tadbirkorlar ushbu davlatdan tovarlar xarid qiladi va ichki bozorimizda savdo-sotiq ishlarini amalga oshiradi.
BAA esa zamonaviy texnologiyalar, oilaviy sayohatlar va turizm bo‘yicha eng qulay yo‘nalishlardan biridir. BAA ham import uchun juda qulay davlat hisoblanadi.
Misr, Tailand, Vetnam – bu davlatlarga safar qilganlar soni hali ko‘p bo‘lmasa-da, barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Bu esa o‘zbekistonliklar endilikda ajabtovur manzillarni tanlayotgani, sayohat madaniyati rivojlanib borayotganini anglatadi. Tur firmalarining faoliyati, xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlik va ommaviy axborot vositalarining targ‘iboti ham bu o‘sishga xizmat qilmoqda.
2025 yilning birinchi yarmi o‘zbekistonliklar uchun chet elga sayohat borasida faollik yili bo‘ldi. Ushbu statistik o‘sish iqtisodiy imkoniyatlar yaxshilangani, davlatlararo aloqalar mustahkamlanayotgani va turizm madaniyati kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, yangi manzillar, viza yengilliklari va xalqaro reyslar sonining ortishi bu jarayonni yanada jadallashtiradi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA