Hindistonda bulutning “qorni yorildi”

115

Hindiston shimolidagi Uttarakand shtatida kuchli yomg‘ir va to‘satdan yuzaga kelgan toshqin ulkan talafotga sabab bo‘ldi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, 100 dan ortiq odam bedarak yo‘qolgan, kamida bir kishi halok bo‘lgan. Ular orasida harbiylar ham bor. Falokat kecha tushdan keyin, mahalliy vaqt bilan 13:30 da sodir bo‘lgan.

Uttarkashi tumanidagi Dharali qishlog‘ida kutilmaganda kuchli yomg‘ir yog‘ib, tog‘dan loyqa suv va kuchli to‘lqin pastga tomon shiddat bilan harakatlangan. Ko‘chalar suvga to‘lib, harakat cheklangan, uylar yuvilib ketgan. Natijada infratuzilma butunlay izdan chiqqan.

– Hududda favqulodda holat e’lon qilindi, – deya ma’lum qildi shtat bosh vaziri Pushkar Singh Dami. – Mahalliy hokimiyat va qutqaruv kuchlari zudlik bilan ishga kirishdi, biroq yo‘llar shikastlangani, kuchli yog‘ingarchilik davom etgani sababli, ko‘p joylarga yetib borishning iloji yo‘q. 130 ga yaqin odam qutqarildi. Qishloq yaqinida joylashgan mamlakat armiyasi Harsil bazasida xizmat qilayotgan kamida 10 nafar harbiy xizmatchining taqdiri noma’lum. Ular izidan qidiruv davom etyapti.

Toshqin oqibatida Bagirati daryosi loyqa bilan to‘lib, sun’iy ko‘l hosil bo‘ldi. Hududdagi davlatga qarashli vertolyot qo‘nish maydoni, bir necha mahalliy infratuzilma ob’ekti suv ostida qoldi.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar suv tezda chiqarilmasa, pastlikda joylashgan aholi manzillari jiddiy xavf ostida qoladi.

Shuningdek, asosiy avtomobil yo‘llari nobop holga kelgan va yopilgan. Ba’zi maktablar faoliyati to‘xtatilgan. Aloqa vositalari ishdan chiqqan, elektr ta’minoti uzilgan.

Ushbu toshqinga sabab bo‘lgan hodisa – bulut yorilishi (coudburst), ya’ni qisqa vaqt ichida kichik maydonga haddan tashqari ko‘p yomg‘ir yog‘ishi, odatda, tezkor suv to‘lqinini keltirib chiqaradi. Bu gal hodisa natijasida Kerganga daryosi toshib, juda ko‘p miqdorda suv quyidagi hududlarni vayron qilgan.

Dharali Chor Dam Yatra ziyoratchilari orasida mashhur bo‘lib, ayniqsa yoz oylarida bu manzildan sayyohlar qadami uzilmaydi. Tabiiyki, yomg‘ir oldidan berilgan ogohlantirish va ob-havo noqulayligi turistlar oqimini kamaytirgan. Shu bois falokat ko‘lami og‘irlashishining oldi olingan. G‘arbiy Himolay mintaqasida joylashgan Uttarakand shtatiga har yili sel va ko‘chki xavf soladi. 2013 yil shtatda ro‘y bergan eng dahshatli ofat oqibatida minglab odam hayotdan ko‘z yumgan, ko‘plab qishloqlar yer bilan yakson bo‘lgan edi. 2021 yil esa 200 dan ortiq odam “bulut yorilishi” sabab halokatga uchragan.

Yaqin kunlarda yomg‘ir davom etishi kutilyapti. Hindiston meteorologiya xizmati tomonidan tog‘li hududlarga sayohatni cheklash tavsiya qilingan.

Musulmon Ziyo, O‘zA