Xalqaro dayjest

80

AQSH prezidenti Donald Tramp 8 avgust kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan Vashingtondagi Oq uyda uchrashuv o‘tkazadi.

Bu haqda manbalarga tayanib, The Washington Post xabar berdi. Uchrashuv natijasida bir necha yillardan beri ziddiyatda bo‘lgan Ozarbayjon va Armaniston tinchlik kelishuviga erishishi kutilmoqda. Pashinyan 7-8 avgust kunlari Vashingtonga tashrif buyurishi tasdiqlangan. Armaniston hukumatiga ko‘ra, vazir “mintaqada tinchlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun” Tramp va Aliyev bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.

AQSHning Arizona shtatida 6 avgust kuni tibbiy samolyot qulab tushishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, hodisa Chinle aeroporti yaqinida yuz bergan. Ikki vintli kichik tibbiy samolyot qulab tushgach, yonib ketgan. Bortda halok bo‘lganlar mahalliy aholi vakillari emas, ularning o‘limini shifokorlar tasdiqlagan. Samolyot Nyu-Meksiko shtatining Albukerk shahridagi shifoxonadan bemorni olib ketish uchun ketayotgan bo‘lgan.

Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainaga qarshi qo‘llanayotgan Shahed-136 dronlarida Hindistonda ishlab chiqarilgan qismlar topildi. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ma’lum qildi. Tekshiruvga ko‘ra, dronning quvvat blokida Hindistonda yig‘ilgan, xalqaro Vishay Intertechnology kompaniyasi ishlab chiqargan ko‘prik to‘g‘rilagich moduli o‘rnatilgan. Sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi antennasida esa Hindistondagi Aura Semiconductor kompaniyasining chipi qo‘llangan. Ukraina bu masala bo‘yicha kamida ikki marta Hindiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan.

Xitoy harbiy aviatsiyasi yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda, ijtimoiy tarmoqlarda uchish sinovlaridan o‘tayotgan yangi jangovar samolyot surati paydo bo‘ldi. Kadrlarda samolyot ikkita havo kirish joyiga ega ekanini ko‘rish mumkin. Bu uning ikkita dvigatelli bo‘lishi ehtimolini oshiradi. U uchburchaksimon qanot, cho‘zinchoq burun va korpus bilan bir butunlashgan fyuzelyajga ega. Bunday konstruksiya radarda aniqlanish ehtimolini keskin kamaytiradi. Odatda bu turdagi uchoqlar uzoq masofali zarba beruvchi operatsiyalarda ishtirok etadi.

“Hizbulloh” harakati rahbari Naim Qosim 5 avgust kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga tahdid qildi. U telemurojaat orqali agar yahudiy davlati Livanga hujum boshlasa, “Hizbulloh” bunga raketali zarba bilan javob berishini aytdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Mazkur bayonot Livan hukumati “Hizbulloh”ning qurollanishini cheklayotgan paytda yangradi. Ayni paytda esa AQSH Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhni qurolsizlantirish bo‘yicha Bayrutga bosim o‘tkazmoqda.

Rossiyaning Kamchatka yarimorolida joylashgan Rybachiy yadroviy suvosti kemalari bazasiga o‘tgan haftadagi kuchli zilzila oqibatida jiddiy zarar yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, The Guardian xabar berdi. Planet Labs kompaniyasi tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh suratlariga ko‘ra, Rybachiy suvosti kemalari bazasidagi suzuvchi pirslardan biri jiddiy shikastlanib, uning qismlaridan biri mahkamlangan nuqtadan ajralib chiqib ketgan. Mazkur zarar xabariga Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha izoh bermagan.

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA