O‘zbekiston va Polsha: parlamentlararo hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda

83

Senatda “O‘zbekiston – Polsha” va “Polsha – O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining birinchi qo‘shma majlisi onlayn shaklda o‘tkazildi.

Majlisda “O‘zbekiston – Polsha” va “Polsha – O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining faoliyatini kuchaytirish, parlamentlararo va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari faol rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda parlamentlararo aloqalar muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilib, savdo-iqtisodiy, investitsiya, eksport, transport, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat, turizm va migratsiya sohalarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va tadbirkorlar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish tashabbusi ilgari surilib, “O‘zbekiston – Polsha” va “Polsha – O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlari o‘z faoliyatlari doirasida investitsiyalar va savdo sohasini qo‘llab-quvvatlashga hamda ko‘maklashishga alohida urg‘u berishga kelishib oldi.

Majlis yakunida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, parlamentlararo guruhlarning faoliyatini kuchaytirish va keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan aniq tadbirlar rejasi – “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA