Matluba Umurzoqova: UNFPA maqsadlari O‘zbekiston islohotlari bilan uzviy bog‘liq

88

Mamlakatning barqaror rivojlanishi, iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy farovonligi aholi sonining ortishi bilan uzviy bog‘liq. Shu jihatdan demografik muvozanatni saqlash va aholi salohiyatidan samarali foydalanish strategik ahamiyat kasb etadi. Bu borada xalqaro hamkorlik muhim o‘rin egallaydi.

Ayniqsa, O‘zbekistonda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu yo‘nalishdagi qo‘shma tashabbuslar orqali reproduktiv sog‘liqni mustahkamlash, yoshlar va ayollar huquqlarini himoya qilish, demografik ma’lumotlarni to‘plash hamda tahlil qilish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xo‘sh, O‘zbekiston va UNFPA o‘rtasidagi hamkorlik qanday tamoyillarga asoslangan? 

Ushbu savolga UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Matluba Umurzoqova quyidagicha javob berdi:

– O‘zbekiston va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro ishonch, tenglik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangan. Ushbu hamkorlik doirasida aholi sog‘lig‘i, reproduktiv huquqlar, gender tengligi, yoshlar bilan ishlash va demografik ma’lumotlar asosida siyosat yuritish kabi sohalarda qo‘shma dasturlar amalga oshiriladi.

UNFPA O‘zbekiston hukumatining milliy ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda xalqaro tajriba va texnik yordam orqali islohotlarga ko‘maklashadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston demografik rivojlanishning muhim bosqichida turibdi. Aholi soni 38 millionga yaqinlashmoqda va 2050 yilga borib 50 milliondan oshib ketishi kutilmoqda. Mamlakat demografik dividend deb ataladigan bosqichga, ya’ni aholining asosiy qismi mehnatga layoqatli yoshda bo‘lgan davrga kiryapti. Bu holat jadal iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Biroq mazkur imkoniyat o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Bu, eng avvalo, puxta ishlab chiqilgan siyosat, inklyuziv islohotlar va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan sarmoyalarni talab etadi. Barcha fuqarolar, xususan yoshlar, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Bu  –demografik barqarorlik, ya’ni jamiyatning o‘sish, farovonlik va ijtimoiy uyg‘unlikni ta’minlash uchun demografik o‘zgarishlarni oldindan anglash va ularga moslashish qobiliyatidir.

UNFPA O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan mazkur milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan. Turli tadbirlar va davra suhbatlari orqali o‘zaro aloqalar mustahkamlanib bormoqda.

Umuman olganda, demografik barqarorlik bu faqat bir idora yoki sohaninggina vazifasi emas. U barcha sektorlar o‘rtasida muvofiqlashtirilgan va kompleks yondashuvni talab etadi. Masalan, ta’lim tizimi kelajak uchun raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashi, sog‘liqni saqlash tizimi esa aholi tarkibidagi o‘zgarishlarga moslashishi lozim. Bandlik siyosati inklyuziv va zamon talablariga mos bo‘lishi, ijtimoiy himoya tizimi esa qarish jarayoni hamda oilaviy o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishi shart. Gender tengligi ham mazkur strategiyaning asosiy ustunlaridan biridir.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, xotin-qizlar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat ma’naviy burch, balki iqtisodiy zarurat hamdir. Agar gender tengsizligi va unga to‘siq bo‘luvchi omillar bartaraf etilmasa, aholi salohiyatining katta qismi rivojlanish jarayonidan chetda qolishi mumkin.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar inson kapitali, inklyuziv o‘sish va ijtimoiy adolatga qaratilgan Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari hamda “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga to‘liq mos keladi. Demografik barqarorlik ana shu maqsadlarga erishishda muhim vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.