Korrupsiyaning oldini olishda parlament a’zolari tashabbuskor bo‘lishlari lozim
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Spiker N.Ismoilov 29 iyul kuni davlatimiz rahbari maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishib chiqqani haqida to‘xtalib, bu borada parlament oldida turgan vazifalarga urg‘u berdi:
— 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda korrupsiya omillarining kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish mexanizmlarini kuchaytirish vazifa sifatida belgilandi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasi Kengashi majlisida mazkur yig‘ilishda belgilangan masalalar atroflicha muhokama qilindi. Davlatimiz rahbarining shu yil 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishidagi nutqida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan Qonunchilik palatasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Bu boradagi faoliyatimiz tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Deputatlar korpusining korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonidagi ishtirokini yanada kuchaytirishga doir Kengash qarori qabul qilindi va Chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Hududlar, muhim soha va tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar holatini o‘rganish, parlament nazoratini olib borish, qonun loyihalaridagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Albatta, korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olishda parlament a’zolari faol va tashabbuskor bo‘lishlari talab etiladi. Xususan, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish borasidagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish choralarini ko‘rishimiz lozim.
Fraksiyalar va qo‘mitalar maishiy korrupsiyani bartaraf etish borasidagi ishlarni yanada keng ko‘lamda o‘rganish va asoslantirilgan takliflar ishlab chiqishga e’tiborni yanada kuchaytirishi kerak, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova,
O‘zA