Davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqi ta’minlanadi

64

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalarining muhokamasi o‘rin olgan.

Dastlab “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisda mazkur qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilingan edi. Muhokamalarda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan savol va takliflardan kelib chiqib, ayrim normalarni qayta ishlash va takomillashtirishga kelishib olingan edi.

O‘tgan muddat ichida qonun loyihasi yanada maromiga yetkazildi, deputatlarning taklif va savollarida ko‘tarilgan masalalar e’tiborga olindi.

Qayd etilganidek, ushbu hujjat bilan oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, prinsiplari, davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, qadoqlash, o‘rash va tamg‘alash, kuzatilishini ta’minlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilishga qo‘yiladigan umumiy talablar, ushbu sohada faoliyat yurituvchi sub’ektlarning huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Jahon savdo tashkilotining talablari hamda rivojlangan davlatlarning tajribasi asosida oziq-ovqat mahsulotining muomalasi bilan bog‘liq barcha jarayonlarni to‘liq nazorat qilish imkonini beruvchi ochiq va shaffof oziq-ovqat operatorlarining elektron reyestri joriy qilinmoqda.

Majlisda qonun loyihasi yanada takomiliga yetkazilgani qayd etilib, uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Shundan so‘ng majlisda kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qayd etilgandek, mazkur qonun loyihasi bilan davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasi kengaytirilmoqda. Xususan, kam ta’minlangan shaxslar muayyan ishda o‘ziga nisbatan sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda, ular davlat hisobidan yuridik yordam olishlari mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashga hamda ijtimoiy davlat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA