Deputat saylovchilar bilan uchrashdi

110

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxitbay Aldamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanidagi “Toktao‘” mahalla fuqarolar yig‘inidagi mahalla yettiligi bilan uchrashdi.

Unda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlash borasida qaratilayotgan e’tibor, davlat dasturlarining mazmun-mohiyati, yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hududdagi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari, fikr-mulohazalari ham tinglandi.

Xalq vakilining tumandagi uchrashuvi 1-sonli umumta’lim maktabida davom etdi. Unda deputat B.Aldamuratov so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, yangi qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, mazkur ta’lim dargohida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, yoshlarimizning sifatli ta’lim olishi, ularning yetuk malakali kadrlar bo‘lib yetishishida pedagog ustozlarning ham alohida mehnati borligini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda ushbu ta’lim muassasasida 986 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Quvonarlisi, maktab o‘quvchilari sport musobaqalarida, ayniqsa, “Quvnoq startlar” sport o‘yinida bir necha marotaba chempion bo‘ldi.

Deputatning keyingi manzili tuman hududidagi 2018 yildan buyon “Quyoshda quritilgan ekologik toza organik pomidor ishlab chiqarish va eksportini kengaytirish” loyihasini amalga oshirayotgan “Biogumus” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Bugungi kunda fermer xo‘jaligida 60 gektar maydonda Italiyaning “San-Marsano” pomidor navi yetishtirilmoqda. Yiliga 1,2 ming tonna mahsulot olinadi va 110 tonna qayta ishlangan (quruq) organik pomidor mahsuloti ishlab chiqariladi. Ushbu pomidor navi quritish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Italiyadan import qilinadi va organik o‘g‘itlar bilan boyitilgan yerlarda yetishtiriladi. Bundan tashqari, ushbu nav Orolbo‘yining quruq va issiq iqlim sharoitida yetishtirish uchun qulay hisoblanadi. Fermer xo‘jaligi tomonidan qayta ishlangan pomidor mahsulotlari Ecocert organic standarti va ISO 22000:2018 xalqaro sifat sertifikatlariga ega. Ayni paytda quritilgan organik pomidor mahsulotlari Italiya va Fransiya davlatlariga har bir kilogrammi 5,5-6,2 dollardan eksport qilinmoqda.

Muloqot davomida deputat fermer xo‘jaligi faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, tadbirkorning istiqboldagi reja va maqsadlari, fikr-mulohazalarini tingladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri