Rabob Fotima: Konferensiya mezoni so‘z emas, hayotiy tashabbuslar bilan o‘lchanadi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi rivojlanish konferensiyasida eng kam rivojlangan davlatlar, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va kichik orollarning rivojlanayotgan davlatlari bo‘yicha Oliy vakili Rabob Fotima nutq so‘zlab, davlatlar taqdirini geografiya oldindan belgilamasligi kerakligini ta’kidladi.
“Turkmenistaninfo” yozishicha, Fotima xonim tizimli cheklovga qaramay, ulkan salohiyat va resursga ega bunday mamlakatlar taraqqiyot sari dadil intilayotganini ta’kidlagan. To‘siqlarni yengib o‘tish uchun hamkorlik, raqamli integratsiya, iqtisodiy transformatsiya muhimligiga urg‘u bergan. Rabob Fotima 320 dan ziyod loyihani o‘z ichiga olgan, keyingi o‘n yillik uchun strategik reja hisoblangan Avaza Harakat Kun tartibi ishga tushirilganini e’lon qildi. Dasturda tranzit erkinligi, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik va xususiy sektorni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mulozim so‘zini yakunlarkan, xalqaro hamjamiyatni muayyan masalalarda qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi:
– Konferensiya mezoni so‘z bilan emas, balki hayotiy o‘zgarishlar – yo‘llar, savdo yo‘laklari va mamlakatlarimiz munosabatlari mustahkamlanishi bilan o‘lchanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA