O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida adabiy hamkorlik yangi bosqichda

103

Keyingi yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi turli davlatlar bilan o‘zaro madaniy-ma’rifiy, adabiy hamkorlikni tobora mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi  Favqulodda va muxtor Elchisi Beybut Atamqulov  tashrif buyurdi.

Uchrashuvda elchixonaning madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchisi Serjan Sarsenbayev va protokol xizmati xodimi Olmos Aubakirov hamda Qozog‘istonning “Qozog‘iston” telekanali va “Xabar 24” telekanali xodimlari qatnashdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, rais o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Uyushmaning Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi yetakchi mutaxassisi Gulobdon To‘rayeva, Uyushma Qozoq adabiyoti kengashi raisi Tursinali Ahmedov ishtirok etdi.

Suhbat davomida elchi “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi nashr etilgani va unda qozoq adabiyotiga munosib o‘rin berilgani, ulug‘ qozoq shoiri Abay tavallud kunini O‘zbekistonda nishonlashda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faollik ko‘rsatayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida Sirojiddin Sayyid Qozog‘istonning “Tan sho‘lpon” jurnali 2023 yilni “O‘zbek adabiyoti yili” deb belgilagani va yil davomida 30 dan ortiq o‘zbek shoir va yozuvchilari asarlarini qozoq tiliga tarjima qilib chop etgani, endi esa 52 nafar o‘zbek shoir va yozuvchilari, bolalar adabiyoti vakillarining kitoblarini qozoq tilida chop etish yo‘lida ishlayotganini aytib, minnatdorlik bildirdi.

Qozoq yozuvchisi Kamol To‘qayevning “Sirli iz” nomli kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qozog‘iston davlat rahbariga sovg‘a qilingani, 2023 yilda Kamol To‘qayevning 100 yillik yubileyida ishtirok etgani ta’kidlandi.

Kamol To‘qayevning asarini o‘zbek tarjimonlari qiziqish bilan ona tilimizga o‘girganliklari, shuningdek, ushbu yubileyda qozoq adabiyoti vakillari “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi haqida katta qiziqish bilan fikr bildirganliklari e’tirof etildi.

Uchrashuv so‘nggida elchiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi chop qilgan 15 turdagi kitoblardan va “Antologiya uzbekskoy poezii” III kitobi sovg‘a qilindi.

N.Usmonova, Ahmadjon To‘rayev (surat), O‘zA