Xalqaro dayjest (+video)

100

Shimoliy Koreyada ayollar avtomaktablarga qabul qilinmoqda. Kim Chen In hokimiyatga kelguniga qadar ularga faqat yo‘l harakatini tartibga solish ruxsat etilgan, mashina haydash esa taqiqlangandi. Hozirda ayrim avtomaktablar Sotsialistik ayollar ittifoqi tavsiyasi asosida ayollarni o‘qitishni boshlagan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish uchun navbat 18 oygacha cho‘zilishi mumkin. Rasmiy bayonot berilmagan bo‘lsa-da, bu holat Kim Chen In davridagi ehtiyotkor ijtimoiy-siyosiy ochiqlik sifatida baholanmoqda.

Germaniya va Niderlandiya harbiylaridan iborat NATO korpusi Estoniyaga joylashtirilishi mumkin. Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur ma’lumotni tasdiqlagan, harbiylar Pyarnu shahriga joylashtirilishi kutilmoqda. Yakuniy qaror 2025 yil davomida qabul qilinishi kerak.

Tailandda Kambodja bilan bo‘lgan janglarni suratga olgan rossiyalik bloger Timur Zbarskiy ushlandi. Bu haqda “RBK” xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, bloger Kambodja bilan chegaradagi jang harakatlarini tasvirga olgan.

Rossiyaga o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan migrantlarning kirishi umrbodga taqiqlanishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi “Adolatli Rossiya — haqiqat uchun” fraksiyasi deputatlari tomonidan tayyorlandi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi. Loyiha muallifi fraksiya rahbari Sergey Mironov hisoblanadi. Qonun loyihasi 4 avgust kuni Davlat Dumasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

Ukraina Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdog‘anning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Nariman Jelal ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, bu Erdog‘anning 2022 yilda urush boshlanganidan beri Kiyevga ilk tashrifiga aylanadi. Prezident Vladimir Zelenskiyning shaxsan o‘zi turkiyalik hamkasbini taklif qilgan.

Eron hukumati 3 avgust kuni mamlakatda yangi Milliy mudofaa kengashi tashkil etilganini e’lon qildi. Davlat OAVga ko‘ra, tuzilmaning vazifasi mudofaa rejalari va qurolli kuchlar salohiyatini markazlashtirilgan tarzda baholashdan iborat bo‘ladi. Bu haqda fors nashrlariga tayanib, Al Arabiya xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi tuzilma Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon rahbarligida faoliyat olib boradi. Kengash tarkibiga parlament spikeri, Oliy sud rahbari, qurolli kuchlar qo‘mondonlari hamda tegishli vazirliklar vakillari kiradi.

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA