GFRda ukrainalik qochqinlarga belgilangan nafaqa cheklanishi mumkin

Germaniya tarkibidagi Bavariya federal yeri rahbari Markus Zyoder Ukrainadan kelgan qochqinlarga berilayotgan ijtimoiy yordam — fuqarolik nafaqasi (Bürgergeld)ni to‘xtatish taklifini ilgari surdi. Bu haqda “Euronews” yozgan.
Mulozim ta’kidlashicha, ukrainaliklar faqat “Asylbewerberleistungsgesetz” — Qochoqlar uchun maxsus yordam qonuni asosida, hozirgidek to‘liq emas, balki ancha kam ijtimoiy yordam olishi kerak.
— GFRda fuqarolik nafaqasi doimiy yashovchi yoki daromadi yetarli bo‘lmagan shaxslarga eng kam yashash sharoitini ta’minlash uchun beriladi, — deydi Zyoder. — Maxsus yordam esa vaqtinchalik va ancha kam miqdordagi nafaqa hisoblanadi.
Hozir 2025 yil 1 apreldan keyin kelgan ukrainaliklar faqat maxsus yordam olishi belgilangan, lekin ushbu tartib qonunan hali kuchga kirmagan. Amalda bu sanadan keyin ham ayrim qochoqlar to‘liq fuqarolik nafaqasi olishda davom etmoqda.
Siyosatchining fikricha, Germaniya Ukraina fuqarolariga Yevropadagi boshqa hech bir davlat bermayotgan darajada saxiy yordam ko‘rsatmoqda. Bu qochoqlarning mehnat bozoriga kirishini sustlashtirayotgan asosiy omildir:
– Ular ko‘pincha yaxshi malakaga ega bo‘lishiga qaramay, ishga joylashmayapti. Nafaqa yuqoriligi bunga sabab bo‘lishi mumkin.
2024 yil GFRda fuqarolik nafaqasiga jami 46,9 milliard yevro sarflangan. Ushbu miqdorning 22,2 milliardi chet elliklar, xususan 6,3 milliard yevro ukrainaliklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur ma’lumot Bundestagda Ijtimoiy ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan rasmiy hisobotda keltirilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA