Yuqori harorat tufayli Yevropadagi AESlar quvvati pasaymoqda
Yevropadagi atom elektr stansiyalari mintaqadagi noodatiy issiq sabab quvvatini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda, sovutgichdan foydalanish miqdori keskin oshgani uchun qit’a elektr tarmog‘i jiddiy taranglikka uchradi. “Financial Times” yozishicha, 2025 yil iyun G‘arbiy Yevropada rekord darajada issiq keldi. Natijada elektr energiyasi narxi sezilarli darajada oshdi.
Gazeta “Eurelectric” assotsiatsiyasiga tayanib xabar berishicha, 23 iyun-3 iyul oralig‘idagi haddan tashqari issiq ikki hafta davomida YeI hududida elektr energiyasiga umumiy talab o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,5 foiz, xususan Ispaniyada 16 foiz ortgan.
— Issiqlik to‘lqini Yevropa elektr tarmog‘ini sinovdan o‘tkazmoqda, sovutkichdan foydalanish darajasi o‘syapti, — deyilgan hisobotda. — Qit’a energiya tizimi joriy yozda keskin taranglashdi. Zero, takroriy jazirama to‘lqin elektr energiyasiga talabni oshirib, elektr stansiyalarida ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ydi. Shu bilan birga issiq ob-havo tufayli ba’zi AESlar quvvatini kamaytirdi yoki vaqtincha yopildi. Buning ustiga gidroenergetika tizimi faoliyati ham sustlashgan.
Issiq havoda reaktorlarni sovutish qiyinlashishi ortidan Fransiya va Shveysariyadagi AESlar yozda vaqtincha ishlamadi yoki qisman to‘xtadi. Farang diyoridagi jami 18 AESdan 17 tasi iyun-iyul oylari jaziramasi vaqtida quvvatni qisqartirgan.
May oyida “Reyter” agentligi hukumatlar va sanoat vakillariga tayanib, tarmoq eskirgani, saqlash sig‘imi yetarli emasligi “yashil energiya” ishlab chiqarishni rivojlantirish, elektrga talab ortishi asnosida tok o‘chishining oldini olish uchun trillionlab dollar sarmoya talab qilinishi haqida yozgandi. Darvoqe, Yevropa Ittifoqi elektr tarmog‘i o‘tgan asrda barpo etilgan bo‘lib, tizimning qariyb yarmi 40 yildan ortiq faoliyat yuritmoqda.
S.Rahimov, O‘zA