Eng faol milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan “Do‘stlik” festivali doirasida yurtimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan milliy madaniy markazlar orasida “Eng faol milliy madaniy markaz” onlayn tanlovi yuqori saviyada o‘tkazildi.
15–25 iyul kunlari o‘tkazilgan onlayn ovoz berishda 50 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz faol qatnashdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘ringa O‘zbekiston tojik milliy madaniy markazi munosib ko‘rildi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markaziga, uchinchi o‘rin O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markaziga berildi.
Shu bilan birga, tanlovda faol ishtirok etgan O‘zbekiston turkman milliy madaniy markazi, O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi va O‘zbekiston uyg‘ur milliy madaniy markaziga qo‘mita tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, xalqlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashda fidokorona mehnat qilib kelayotgan do‘stlik jamiyatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng faol do‘stlik jamiyati” tanlovi o‘z yakuniga yetdi.
15–25 iyul kunlari o‘tkazilgan ochiq onlayn ovoz berishda minglab yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rin “O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik jamiyatiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa “O‘zbekiston – Tojikiston” do‘stlik jamiyati, uchinchi o‘ringa “O‘zbekiston–Belgiya” do‘stlik jamiyati loyiq topildi.
G‘oliblar tadbir tashkilotchilari tomonidan munosib taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri