Umumiy ovqatlanish korxonalari vakillarining muammolari tinglandi
Nukusda Biznes-ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sho‘’basi tomonidan umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan keyingi besh yil mobaynida Orolbo‘yida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilingan. Ushbu hududda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ularning faoliyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar hamda imtiyozlar berilib, bu orqali aholi bandligini ta’minlash va farovonligini oshirish maqsad qilingan.
Ana shunday ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun tadbirkorlik sub’ektlari bilan joylarda doimiy ravishda uchrashuvlar tashkil etilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Shu bilan birga ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari bilan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda ularning faoliyatida duch kelayotgan muammolari o‘rganilib, fikr va takliflari tinglandi. Ular tomonidan bildirilgan takliflariga muvofiq sohani rivojlantirishga qaratilgan mezonlarni amaliyotga tadbiq qilish choralari belgilab olindi.
Biznes-ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sho‘’basi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar ular faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga, ularga yanada qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri