Yaponiyada zilzilalardan keyingi qutqaruv ishlariga mo‘ljallangan ulkan robotlar yaratilmoqda

114

Yaponiyaning Vaseda universiteti va bir nechta xususiy kompaniyalar hamkorlikda yangi avlod qutqaruv robotini ishlab chiqmoqda. Kyodo axborot agentligining yozishicha, bu robotlarning balandligi 3 metr, og‘irligi esa 300 kilogrammni tashkil etadi. Ular soatiga 5 kilometr tezlikda harakatlana oladi va 100 kilogrammdan ortiq yuk ko‘tarishga qodir bo‘ladi.

Loyihaning asosiy maqsadi – Yaponiya tez-tez duch keladigan tabiiy ofatlar, jumladan, zilzilalar va to‘fonlardan so‘ng vayron bo‘lgan hududlarda qutqaruv ishlarini tez va samarali amalga oshirishdir. Bunday robotlar og‘ir yuklarni ko‘tarib, xavfli hududlarga inson hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan kirish imkonini beradi.

Shuningdek, robotlar masofadan turib boshqarilishi va turli sensorlar bilan jihozlanishi rejalashtirilgan. Bu esa ularning noqulay va xavfli muhitlarda mustaqil yoki yarimavtomatik tarzda ishlashiga imkon beradi.

Sinov uchun mo‘ljallangan ilk model 2026 yil oxirigacha tayyor bo‘ladi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, 2029 yilgacha ommaviy ishlab chiqarish bosqichi boshlanadi. Mutaxassislar bu texnologiyani nafaqat Yaponiyada, balki boshqa tabiiy ofatlarga moyil hududlarda ham samarali qo‘llash mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yaponiya robototexnika sohasida katta tarixga ega.

1973 yilda Vaseda universiteti tomonidan yaratilgan WABOT-1 dunyodagi ilk ikki oyoqli, insonga o‘xshash robot hisoblanadi. Keyinchalik, mashhur Honda kompaniyasi ASIMO robotlari orqali bu yo‘nalishda yetakchilikni davom ettirgan. Ammo bugungi kunda hali ham inson o‘rnini to‘liq bosuvchi qutqaruv robotlari mavjud emas. Ushbu loyiha bu bo‘shliqni to‘ldirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin.

Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA