Ayrim tovarlarga nisbatan import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinadi

370

Korporativ munosabatlarni rivojlantirish hamda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati yo‘q emas.

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi paytida yuqoridagi fikrlar bildirildi.

Respublika importining 32,3 foizi erkin savdo rejimi o‘rnatilgan mamlakatlar, 61,4 foizi eng ko‘p qulaylik berish rejimi qo‘llanilayotgan davlatlar hissasiga va qolgan 6,3 foizi savdo rejimi belgilanmagan davlatlar yoki ishlab chiqargan mamlakati aniqlanmagan tovarlar hisobiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi.

Xususan, respublikaga import qilinayotgan tovarlarning 95 foizi Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlardan, qolgan 5 foizi esa ushbu tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlardan olib kelinmoqda.

Shularni inobatga olgan holda, mazkur qonun bilan Bojxona kodeksiga eng ko‘p qulaylik berish rejimiga ega bo‘lmagan davlatlardan O‘zbekistonga keltirilayotgan tovarlar uchun tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmaganda import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinmoqda.

Shu bilan birga, Bojxona organi tomonidan harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilgandan so‘ng Davlat byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan bojxona to‘lovlarining muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirilmoqda.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish orqali tashqi savdoni adolatli qoidalar asosida amalga oshirish, import va eksport ko‘lamini kengaytirishga erishiladi.

Qonunda aksiyadorlik jamiyatlari ijro organlari hamda kuzatuv kengashlari a’zolarining fidutsiar majburiyatlari, jamiyat majoritar aksiyadorlarining umumiy majburiyatlari va javobgarligini belgilash hisobiga korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va mexanizmlarini joriy etish kabi masalalar ham o‘z aksini topgan.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonun tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratib, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

N.Abduraimova,

O‘zA