Senat: aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirib, ular ko‘tarayotgan masalalarni hal qilish asosiy vazifamiz bo‘ladi

248

Senatning sakkizinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Majlisda Prezident boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qo‘yilgan masalalar ijrosiga e’tibor qaratildi.

Ushbu masala yuzasidan fikr bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva islohotlar tub negiziga inson, xalq manfaati barcha narsadan ustun degan konseptual g‘oya qo‘yilganini ta’kidladi. “Inson qadri uchun” tamoyili barcha islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

– Joriy yil 16 iyun kuni Prezidentimiz huzurida o‘tgan majlisda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan katta vazifalar qo‘yildi, – dedi T.Norboyeva. – Misol uchun, yoz mavsumi boshlanishi bilan energiya iste’moli ortadi va ta’minot masalasi dolzarblashadi. Shundan kelib chiqib, energiya samaradorligini oshirish, samarador texnologiyalarga o‘tish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Kambag‘allikdan chiqarish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida birinchi yarim yillikning o‘zida 2,6 million aholini band qilish, 722 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish masalasi qo‘yildi.

Eng muhimi, aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirib, ular ko‘tarayotgan masalalarni tez hal qilib berish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lishi zarur.

Aytib o‘tish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ko‘rilayotgan choralar natijasida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi.

Birgina joriy yilning o‘zida sanoat 6,4 foizga o‘sdi, eksport hajmi 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi.

Biroq bugungi zamon rivojlanishi, dunyoda yuzaga kelayotgan global muammolar, yangi urush o‘choqlari hamda beqarorlikning davom etishi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni, taraqqiyot sur’atlariga mos yangi vazifalarni qo‘yishni talab qilmoqda.

Xususan, islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar qayd etildi. Jumladan, vazirlik va hokimliklar, ularning viloyat, tuman darajasidagi bo‘g‘inlarining muammoli masalalarni hal qilish bo‘yicha ishi yetarli darajada samarador emasligi ta’kidlandi.

Aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi, jumladan, suv ta’minoti, tuman va mahalladagi infratuzilma, oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik, kambag‘allikdan chiqarish, mahalliy byudjet tushumlarini oshirish, jinoyatchilikni qisqartirish, yo‘l qurilishi, jamoat transporti, shaharsozlik, “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish, energiya ta’minoti kabi muhim sohalardagi birlamchi vazifalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, belgilanayotgan vazifa va topshiriqlarni samarali amalga oshirish uchun yangi tashkiliy va ma’muriy islohotlar boshlangani, mavjud muammolar, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan murojaatlarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilayotgani qayd etildi.
Senatorlar Prezident tomonidan qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Xususan, joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf qilishda hudud va respublikadagi mas’ullarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirib borish lozim. Fuqarolar bilan ishlash tartibini yangi darajaga olib chiqish, murojaatlarni doimiy tahlil qilish, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarni Senat majlislariga olib chiqish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, dasturlar, loyihalarning ijrosini ta’minlashda ularni qay darajada samarali bajarilgani, qanday natija berganiga asosiy urg‘u berish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalliy kengashlarning faolligini oshirish muhimligi qayd etildi.

Muhokama yakunida bu borada Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar yuzasidan Senatning qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, 
N.Haydarov (surat), O‘zA