2025 yildan boshlab har yili noyabr oyida “Eng namunali yashil turizm ob’ekti” tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Turizm ob’ektlari hamda joylashtirish vositalarida atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlardan foydalanish va ekologik talablarga muvofiq ko‘rsatiladigan xizmatlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq 2025 yildan boshlab har yili noyabr oyida “Eng namunali yashil turizm ob’ekti” tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlovni o‘tkazishning asosiy maqsadlari:
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda uning chiqindilar bilan ifloslantirilishining oldini olish;
turizm ob’ektlarida plastik mahsulotlardan foydalanishni hamda plastik chiqindilarni kamaytirish;
turizm ob’ektlarida bir martalik plastiklardan ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga o‘tish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish;
ekologik talablar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekologik mezonlarga rioya etilishiga erishish;
turizm ob’ektlarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ladi.
Qaror bilan “Eng namunali yashil turizm ob’ekti” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Tanlov turizm ob’ektlarida bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga o‘tish borasida yaxshi natijalarga erishgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda o‘z faoliyatida chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Tanlov hududiy saralash va respublika yakuniy bosqichlaridan iborat bo‘ladi.
Tanlovni o‘tkazish bo‘yicha hududiy komissiyalar tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari tomonidan, respublika komissiyasi tarkibi esa O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlovning respublika yakuniy bosqichi g‘oliblari bir yo‘la to‘lanadigan quyidagi miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
1 – o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida;
2 – o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
3 – o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida.
O‘zA