Adliya vazirligi: kurerlik faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilandi
Mamlakatimizda kurerlik, ya’ni mahsulot yoki tovarni yetkazib berish xizmati rivojlanib bormoqda. Shu bois, ushbu xizmatni tartibga solishga qaratilgan hujjat qabul qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan “Elektron tijoratda kurerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizom elektron tijoratda kurerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, kurer tadbirkor hamda yetkazib berish xizmati operatorlari bilan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida tovarlarni yetkazib beruvchi jismoniy shaxs, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanadi.
Yetkazib berish xizmati operatorlari va kurerlar, shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, xaridorlardan tovar yoki yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga haqli.
Bunda, nazorat-kassa texnikasini majburiy qo‘llash yoki elektron yoxud qog‘oz shaklida chek (kvitansiya) taqdim etilishi lozim.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda transport vositalari va termokonteynerlarning toza hamda soz holatda bo‘lishi, muntazam yuvilishi va dezinfeksiya qilinishiga amal qilish lozim.
Kurerga tovarning qadog‘ini o‘zboshimchalik bilan ochish, xaridorlarning shaxsiy ma’lumotlari va yetkazib berilayotgan tovar haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas.
N.Abduraimova, O‘zA