Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati: 3-tur oldidan vaziyat qanday?

Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida guruh bosqichi uchinchi tur uchrashuvlari arafasida turnirning markaziy ishtirokchilari va keyingi bosqichga yo‘l oladigan jamoalar taqdiri tobora oydinlashib bormoqda.
“A” guruhida “Palmeyras” hamda “Inter Mayami” jamoalari 4 tadan ochko jamg‘argan holda peshqadamlikni bo‘lishib turibdi. 24 iyun kuni soat 06:00 da bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi 3-tur uchrashuvlarida mazkur jamoalar o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu bahsda ularni durang ham keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin. “Portu” va “Al-Ahli” jamoalarida esa 1 ochkodan bor va ular faqat g‘alaba evaziga pley-off masalasini hal etishlari mumkin.

“B” guruhida esa kutilmagan natija qayd etildi. Braziliyaning “Botafogo” jamoasi fransuz grandi “PSJ”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, 6 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi va keyingi bosqichga muddatidan avval yo‘l oldi. “PSJ” va “Atletiko” esa 3 ochkodan jamg‘argan holda 2-3 o‘rinlarni egalladi. “Sietl Saunders” esa ikki uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, haligacha ochko qo‘lga kiritmagan.
Musobaqaning 3-turini “Sietl Saunders” – “PSJ” hamda “Atletiko” – “Botafogo” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv boshlab beradi. Mazkur bahslar mamlakatimiz vaqti bilan soat 00:00da boshlanadi.
“Flamengo” 2-tur yakuniga ko‘ra, 6 ochko bilan “D” guruh peshqadami sifatida muddatidan oldin keyingi bosqichga yo‘l oldi. “Chelsi” va “Esperens” 3 tadan ochko bilan 2–3-o‘rinlarni bo‘lishmoqda. “Los-Anjeles” esa 2 ta mag‘lubiyatdan so‘ng so‘nggi o‘ringa tushib qoldi. Bu guruhdagi so‘nggi tur o‘yinlari 25 iyun kuni soat 06:00da tashkil etiladi. Unda “Chelsi” – “Esperens”, “Flamengo” – “Los-Anjeles” klublari o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lamiz.
Shu kuni “C” guruhida ham 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Aniqrog‘i, soat 00:01da boshlanadigan uchrashuvlarda 6 ochko bilan guruh peshqadamiga aylangan “Bavariya”, hisobida 4 ochko bo‘lgan “Benfika” klubini sinovdan o‘tkazadi. “Boka Xuniors” (1 ochko) esa guruh autsayderi “Oklend Siti”ga qarshi maydonga tushadi.
Jahon chempionatining so‘nggi turi oldidan “E” guruhida “Inter” va “River Pleyt” jamoalari 4 ochko bilan yetkachiga aylanib olgan. Bu jamoalar 26 iyun kuni soat 06:00 da guruh peshqadamligi va navbatdagi bosqich yo‘llanmasi uchun o‘zaro raqobatlashadi. Bu uchrashuvning o‘zbek futbol ixlosmandlariga qiziqarli tarafi shundaki, o‘yinni hamyurtimiz Ilgiz Tantashev boshqarib boradi. Unga qanotlarda, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi. Guruhdagi ikkinchi o‘yin esa “Urava Red Daymonds” va “Monterrey” o‘rtasida o‘tadi. Darvoqe, mazkur bahsda “Monterrey” yirik hisobda zafar quchsa, pley-offga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin.
“F” guruhida ayni damdagi holat qiziqarli bo‘lib turibdi. Sababi, “Fluminense” va “Borussiya Dortmund” 4 ochko bilan 1-2 o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Mamelodi Sandaunz” 3 ochko jamg‘arib, ularni ta’qib etmoqda. “Ulsan” esa ham ochkosiz so‘nggi o‘rinda borayotir. 26 iyun kuni “Fluminense” va”Mamelodi Sandaunz” jamoalari o‘rtasidagi bahs keskin va murosasiz o‘tishi shubhasiz. Ushbu klublar to‘qnashuvi g‘olibi nimchorak finalga yo‘l oladi va “Borussiya Dortmund” uchun bu tur oson o‘tishi kutilmoqda. Sababi, ular guruh autsayderi “Ulsan” bilan o‘yin o‘tkazadi va bu bahsda ularni hatto durang ham qanoatlantiradi.

O‘zbekiston futbol muxlislari uchun bu galgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yana bir jihati bilan qadrli. Aniqrog‘i, “G” guruhidan o‘rin olgan “Manchester Siti” va “Al-Ayn” jamoalari ishtirokidagi bellashuvda Xosep Gvardiola boshchiligidagi “shaharliklar” BAA klubini yirik – 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Quvonarlisi, o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan milliy terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanov 61-daqiqaga qadar o‘yinni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. “Sofascore” nashri Abduqodir Husanovning harakatlariga 7,2 baho qo‘ydi.

Ushbu guruhdagi ikkinchi o‘yinda “Yuventus” 4:1 hisobida “Vidad” jamoasini yengdi. Shu tariqa, “G” guruhida “Yuventus” va “MS” 6 ochko bilan peshqadamlar safidan joy oldi. “Vidad” hamda “Al-Ayn” ochkosiz qolgan holda quyi pog‘onalarda qolib turnir bilan erta
xayrlashdi. Endi bu guruhda 27 iyun kuni uchinchi tur o‘yinlari shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tadi. Unda favorit va autsayderlar o‘zaro to‘qnash keladi.

Chempionatning “H” guruhidagi vaziyatga nazar tashlasak, “Real Madrid” va “RB Zalsburg” 4 ochko bilan 1-2 pog‘onada bormoqda va 27 iyun kuni ushbu jamoalar 3-tur doirasida o‘zaro kuch sinashadi. “Al-Hilol” esa 2 ochko bilan 3-o‘ringa mustahkam joylashib oldi va so‘nggi o‘yinini ochkosiz borayotgan “Pachuka”ga qarshi o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA