Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish davom etmoqda.

Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi tayyor infratuzilmasi bor, temir yo‘l o‘tgan 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi.

Ushbu sanoat zonasida klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.

Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsada, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10 foizga ham yetmaydi. Hozirda 100 ming tonna ip-kalavaning atigi 28 foizi qayta ishlanadi.

Shu maqsadda Kosondagi 40 gektarda tashkil etilgan yangi texnoparkda 200 million dollarlik 12 ta loyiha qilish rejalashtirilgan. Lekin suv tozalash inshooti va kanalizatsiya yo‘qligi uchun ishlar to‘xtab qolgan. Mutasaddilarga texnopark infratuzilmasi uchun mablag‘ ajratish topshirildi.

Umuman, 400 million dollarlik 35 ta loyihani boshlab, bu yil ip-kalavani qayta ishlashni 51 foizga, kelgusi yili 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA