
Bugungi kunda ayrim yo‘l chiziqlari ko‘rinmasligi, ba’zan esa yo‘ldagi to‘siqlar tufayli chiziqni bosishga majbur bo‘linayotgani, ayrim hollarda qoidabuzarliklar haqida ancha muddat o‘tganidan keyin huquqbuzarga xabar berilishi kabi holatlar ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida bu kabi ayrim kam ahamiyatli ma’muriy qoidabuzarliklar uchun ogohlantirish berish bo‘yicha takliflar berilgan.
Bu borada ayrim xorijiy davlatlarda ham ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi bor. Bunda birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish o‘rniga sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga erishilayotganini ko‘rsatmoqda.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, transport vositasini boshqarish jarayonida kamar taqmaslik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik, tegishli jihozlar bilan ta’minlanmaganlik, boshqarish davomida telefondan foydalanish, monitordan foydalanish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urta talablarini buzish, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasligi kabi holatlar uchun ogohlantirish qo‘llaniladi. Bunday ogohlantirish bir yilda bir marta qo‘llaniladi.
Shuningdek, kamera va radarlar orqali qayd qilingan huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror bir oydan kechiktirib chiqarilgan bo‘lsa, jarima qo‘llanilmaydi. Yo‘l chiziqlarini bosganlik kamera orqali qayd etilmaydi.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasining majlisida qizg‘in muhokama qilindi. Qator savollar o‘rtaga tashlandi.
Qonun loyihasi avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA