Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevning mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlandi.
Toshkent shahri xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, tashrif dasturiga ko‘ra, ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Toshkent va Sofiya shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, farmatsevtika tarmog‘i, konchilik, raqamlashtirish sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi shubhasiz.
Ikrom AVVALBOEV,
Rustam NAZARMATOV(surat),
O‘zA