
Munosabat
Ko‘ksaroy qarorgohida 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Yakunda O‘zbekiston va Bolgariya yetakchilari Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Ushbu tadbirlardan so‘ng bir qator vazirlarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik:

Laziz QUDRATOV,
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev huzurida ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Umuman, muloqotni tarixiy ahamiyatga ega deyish mumkin. Ikki mamlakatning do‘stlik va sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tariladi. E’tibor qaratilsa, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda. Kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlari va loyihalari ishlab chiqilmoqda. To‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar, texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali savdoni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bolgariyalik yirik tadbirkorlar IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etmoqda. Bolgariya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, xususan, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, logistika yo‘nalishida ancha rivojlangan. Bu borada eng zamonaviy texnologiyalarga ega. Shu kabi yo‘nalishlarda tajriba almashamiz. Yangi g‘oya va loyihalar ustida ham kelishuvlar bo‘lmoqda.

Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri:
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida gumanitar almashinuvlar bo‘layotganini alohida ta’kidlayman. Masalan, Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan. Mana endi Toshkent va Sofiya shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim almashildi. Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tegishli idoralar o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston hamda Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etishga kelishib olindi.
Bolgariya madaniyat vazirligi bilan ikki yillik tegishli dastur imzolanishi ham muhim ahamiyatga ega. Ikki mamlakatda o‘tadigan madaniy tadbirlar jadvali tasdiqlanib, “yo‘l xarita”si imzolanmoqda. O‘ylaymanki, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi bu yo‘nalishdagi aloqalarimiz ham yangi bosqichga chiqadi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri:
– Bolgariya Respublikasida ellikdan ortiq milliy va xususiy oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritadi. Ta’limda nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmalarga ham katta e’tibor qaratiladi. Mamlakat universitetlari Yevropa hamda xalqaro ta’lim va ilmiy tadqiqotlar tarmoqlariga faol kirishgan. Mamlakatlarimiz oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama tajriba almashish, ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda bir qancha oliy ta’lim muassasalarimiz Bolgariya universitetlari bilan faol hamkorlik qiladi. Shuningdek, bir yuz o‘n besh nafar talabamiz aynan o‘sha davlat oliygohlarida ta’lim olmoqda. Bu kabi xalqaro hamkorlikning kengayayotgani O‘zbekistonda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim jarayon hisoblanadi.
Eslatib o‘tish joiz, erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qildi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri