8 mamlakat taekvondochilari O‘zbekistonda bellashmoqda
Shu kunlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida taekvondo WT bo‘yicha AQSH, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va mamlakatimizning 800 nafardan ortiq sportchilari ishtirokida an’anaviy XVI “Bek Mun Chong” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.

Ortda qolgan kunlarda turli vazn toifalarida saralash va final janglari tashkil etildi. O‘tkazilgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, Janubiy Koreya, Qozog‘iston va mamlakatimiz taekvondochilari medallar jamg‘arish borasida yetakchilik qilmoqda.

XVI “Bek Mun Chong” an’anaviy xalqaro turniri davomida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Janubiy Koreyaning Kyungdong, Tedjin universitetlari, Pxochxon taekvondo assotsiatsiyasi mutasaddilari, mutaxassislari va murabbiylar ishtirokida xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda mamlakatimizda Koreya investitsiya mablag‘lari hisobidan qurilishi rejalashtirilayotgan Taekvondo sport majmuasi loyihasi, qo‘shma ilmiy loyihalar yuzasidan uchrashuv tashkil etildi.

Bugun, 28 may kuni xalqaro turnirning so‘nggi kunida og‘ir vaznli sportchilar o‘rtasida bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, jamoaviy bahslar bugungi kunning asosiy dasturidan o‘rin olgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA