Davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi qonuniy asoslar mustahkamlanmoqda

221

Qonunchilik palatasining majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur hujjat loyihasi bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev ma’ruza qildi:

— Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuni hamda Yer kodeksi va Soliq kodeksiga davlat mulkini xususiylashtirish va ijaraga berishni soddalashtirish maqsadida tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan, shu jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarning nosohaviy aktivlarini xususiy sektorga berishni jadallashtirish maqsadida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari soddalashtirilmoqda. Davlat ko‘chmas mulkini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar yer va mol-mulk solig‘ini ushbu ob’ektlar uchun to‘langan mablag‘larga proporsional tarzda to‘lashi belgilanmoqda.

Xalqaro ahamiyatga molik yo‘l bo‘ylaridagi bo‘sh yer uchastkalarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis xizmatlarini joylashtirishda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida mazkur yerlarning toifasi o‘zgartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda jozibador investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq yukining kamayishi, davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirish, sohadagi vakolatli organlarning vakolatlarini belgilash, davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga, tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar berilishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA