Qarzdor kafolat mablag‘i kiritganda, ijro ishi to‘xtatib turilishi mumkin

173

Parlament quyi palatasining majlisida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimiga kafolat mablag‘larini kiritish institutini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilib, Majburiy ijro byurosi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, bugungi kunda foydasiga sud qarori qabul qilingan shaxslarning qonuniy manfaatlarini hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash maqsadida sud qarorlarini ijro etish tizimiga da’voni ta’minlash institutini joriy etish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga tegishli normalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, mulkiy xarakterdagi sud hujjati bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini majburiy ijro organi depozit hisobvarag‘iga pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan ta’minlash o‘z aksini topmoqda. Ya’ni, ijro bo‘yicha Majburiy ijro byurosining maxsus hisobiga kafolat mablag‘larini kiritish orqali majburiyatlarni bajarish belgilanmoqda. Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish taraflarning huquqi sifatida kiritilmoqda. Ijro ishi bo‘yicha qarzdor tomonidan kafolat mablag‘lari kiritilganda, ijro ishi to‘xtatib turilishi belgilanmoqda.

Muhokamalarda mazkur loyiha bilan sud ijrosiga yangi institut kirib kelayotgani, sohalardagi nizolarni hal etish, ijro ishini liberallashtirishda muhim ekanligi ta’kidlandi. Qonun loyihasining qabul qilinishi foydasiga sud qarori qabul qilingan shaxslarning qonuniy manfaatlarini hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA