Mediatsiya institutiga oid qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi

239

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. Mazkur loyiha bo‘yicha deputat Shahnoza Joldasova ma’lumot berdi:

— Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli bo‘lib, nizoni sudgacha va sud jarayonida hal etishga qaratilgan institut hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda, ularning muammolarini hal etishda nizolarni sudgacha hal etishning zamonaviy yo‘nalishlarini keng joriy etish, nizolashayotgan taraflarning o‘zaro kelishuvga va maqbul yechimga kelishiga qaratilgan mexanizmlarni ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Mazkur qonun loyihasida mediatsiya tartib-taomillarini qo‘llash uchun rag‘batlantiruvchi normalar, mediatorlarga oid talablar va mediativ kelishuvlarni ijro etish qoidalari nizolarni muqobil hal etish mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Loyihaning qabul qilinishi fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi nizolarni samarali va tezkor ravishda hal etishga, mediatsiya tartib-taomillarining hamma joyda qo‘llanilishini rag‘batlantirish orqali sudlardagi yuklamani maqbullashtirishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Ayrim normalarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zarurligi aytildi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasini maromiga yetkazish maqsadida mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA