O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida IT sohasida hamkorlik kengayadi

239

IT sohasi kundan-kunga rivojlanish, o‘sishni talab qiladi. Bunda albatta, rivojlangan davlatlarning raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar va telekommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro hamkorligi juda zarur.

Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park O‘zbekistonga tashrifi ham hamkorlik masalalarini yuqori bosqichga olib chiqadi.

Tashrif doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Qozog‘iston delegatsiyasi o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda xususan, transchegaraviy telekommunikatsiya xizmatlarini yanada takomillashtirish, O‘zbekiston va Qozog‘iston IT kompaniyalari xizmatlarini birgalikda jahon bozoriga keng miqyosda olib chiqish, xizmatlar eksportini oshirish va ikki mamlakat texnoparklari o‘rtasida samarali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga qo‘shma loyihalarni kiritish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Qozog‘istonlik startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, investitsiyalarni jalb etish va ularni xalqaro platformalarga olib chiqish borasida ham hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar va telekommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, bu yo‘nalishda izchil ishlar davom ettirilishini ta’kidladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA