Harvarddan haydalayotgan chet ellik talabalar Gonkongda o‘qishi mumkin

Gonkong Fan va texnologiya universiteti Tramp ma’muriyati tomonidan qo‘yilgan taqiq tufayli Harvarddagi o‘rnini yo‘qotishi ehtimoli paydo bo‘lgan xalqaro bakalavr va magistratura yo‘nalishi talabalarini o‘qishga taklif qildi.
Kuni kecha AQSH ichki xavfsizlik kotibi Kristi Noem Harvard endi xalqaro talabalarni qabul qilmasligi, hozir universitetda tahsil olayotgan barcha xorijlik talabalar boshqa universitetlarga ko‘chib o‘tishlari kerakligini e’lon qildi. Taxminga ko‘ra, Harvard talabalarining chorak qismidan ko‘prog‘i yangi o‘quv maskani izlashga majbur.

Xohlovchilar Gonkong oliy o‘quv yurtiga muammosiz o‘tishini ta’minlash uchun qabul uyushtirish bo‘yicha shartsiz taklif, tezkor jarayon va akademik yordam taqdim etilishi qo‘shimcha qilingan.
O‘z navbatida, Harvard AQSH hukumatining xorijliklar qabul qilinishini taqiqlash to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga murojaat qildi.
“Axios” portali universitet vakili Jeyson Nyutonning so‘zlariga tayanib xabar berishicha, Harvard ma’muriyati bu qarorni noqonuniy, deb hisoblaydi.
– Bu talab jamoamiz va mamlakatimiz obro‘siga jiddiy zarar yetkazadi, ilmiy va tadqiqot missiyasini izdan chiqaradi, – degan mulozim.
Universitet AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi o‘nta ayblov ilgari surgan: jumladan Ma’muriy tartib-qoida to‘g‘risidagi qonun (APA) va Birinchi tuzatishning so‘z va yig‘ilish erkinligi huquqini buzganlik kabi jiddiy ayblovlar ham bor.
Sudning “RIA Novosti” qo‘lga kiritgan qaroriga ko‘ra, keyinroq AQSH sudi Harvardга chet ellik talabalarni qabul qilish bo‘yicha ma’muriyat tomonidan qo‘yilgan taqiqni to‘xtatgan.
Shunga qaramay, Prezident boshqa oliy o‘quv yurtlariga ham shunday talab qo‘yishni rejalashtirayotganga o‘xshaydi. Masalan, juma kuni Qo‘shma Shtatlar chet ellik talabalarni boshqa universitetlarga qabul qilishni ham taqiqlashi mumkinligi haqida xabar tarqaldi.
Bunga javoban, AQSH sudi Harvardга xorijliklar qabul qilinishiga bir kun qolganda Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan taqiqni to‘xtatdi.
– Biz turli usullarni ko‘rib chiqyapmiz, Harvard boshqalar kabi o‘z yo‘lini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi, – dedi Tramp jurnalistlarga AQSHning boshqa universitetlarida ham chet ellik talabalarni qabul qilish taqiqlanadimi, degan savolga javoban.

Ma’lumki, Isroil va G‘azo mojarosi ortidan Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgach, Amerika universitetlarida namoyishlar ko‘paydi. Shundan keyin Oq uy Amerika universitetlariga yahudiy talabalarni himoya qilish talabini qo‘yib, aks holda moliyalashtirish qisqartirilishi bilan tahdid qildi.
Aprel oyida esa mamlakat Ta’lim vazirligi kadrlar va ta’lim siyosatini o‘zgartirish to‘g‘risidagi talabni ochiqchasiga rad etgani uchun Harvard universiteti hukumat tomonidan ajratiladigan 2,2 milliard dollardan mahrum etilishini e’lon qildi. Shuningdek, Tramp bu oliy ta’lim maskani mavjud soliq imtiyozidan ham mosuvo qilinishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
S.Rahimov,O‘zA