
Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bosqichiga start berildi.
Unda hududiy saralash bosqichlarida g‘olib chiqqan 286 nafar nogironligi bo‘lgan sportchi qatnashmoqda. Ishtirokchilar para stol tennisi, para yengil atletika, para shaxmat, para shashka kabi jami 13 ta sport turi bo‘yicha o‘zaro bahslashmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarga muvaffaqiyat, yuqori kayfiyat va g‘alaba tilashdi. Shuningdek mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan para sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan muntazam shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish, sport inshootlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish va ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida sportchilarimiz paraolimpiada o‘yinlarida, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.
Shundan so‘ng sport bellashuvlariga start berildi. Ishtirokchilar har bir sport turi bo‘yiicha o‘zlarining mahorati, irodasi va jismoniy tayyorgarligini namoyon etishdi. Ajoyib muhit, yorqin taassurotlar va sog‘lom raqobat musobaqa doirasidagi eng muhim jihatlardan bo‘ldi.
“Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasida o‘tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari orasidan nogironligi bo‘lgan iqtidorli shaxslarni saralab olish hamda ularni professional sportga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga bunday tadbirlar imkoniyatlar tengligini ta’minlash, ijtimoiy faollikni oshirish va sport orqali jamiyatdagi barchani jipslashtirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari