Osiyo chempionati: Og‘ir atletikachilarimiz kuchlilar qatorida
Og‘ir atletika bo‘yicha Xitoyda kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan qit’a chempionati yakunlandi.
28 ta davlatning 200 nafardan ziyod mahoratli sportchilari ishtirok etgan chempionatning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasida +109 kg vazn toifasida yosh sportchimiz Amir Abdullayev o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.

Eron, Xitoy, Shimoliy koreyalik mahoratli og‘ir atletikachilar, Jahon va qit’a chempionatlarining sovrindorlari bilan ilk bor nufuzli musobaqada ro‘baro‘ kelgan yosh sportchimiz o‘z mahoratini namoyish etdi. Hamyurtimiz dast ko‘tarishda 182 kg natija qayd etib, delegatsiyamiz hisobiga yana bir bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.

Bugun, 16 may erta tongda “kichik jahon chempionati”da munosib natijaga erishgan og‘ir atletikachilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari musobaqalar murosasiz o‘tganini qayd etishdi. 28 ta davlat orasida 3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoada 4-o‘rinni egalladi.
Terma jamoamiz Osiyo chempionatida to‘liq tarkibda ishtirok etmagan holda Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron terma jamoalariga munosib raqobat ko‘rsatgani e’tiborli bo‘ldi. Qolaversa, Xitoydagi bahslar keyingi yil Yaponiyada bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlari, kelgusidagi jahon chempionatlari, yana uch yildan so‘ng AQSHda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan nafaqat sportchilar, balki murabbiy-mutaxassislar uchun ham katta imtihon vazifasini o‘tadi.
Osiyo chempionatida Vatan sha’nini ulug‘lagan sportchilarga gullar va tegishli sovg‘alar taqdim etildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA