“Besh tashabbus paralimpiadasi”da hududiy bosqich bahslari o‘tkazilmoqda

122

Shu kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning ijtimoiy hayotga moslashuv jarayonini tezlashtirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazilmoqda.

Musobaqaning Navoiy viloyati bosqichi do‘stona muhitda o‘tdi. Har bir ishtirokchi g‘alaba uchun astoydil harakat qildi va o‘z jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi unda 3 ming nafarga yaqin fuqarolar qatnashib, adaptiv sportning 10 dan ortiq turi bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Navoiy shahridagi “Kimyogar” o‘yingohida bo‘lib o‘tgan tadbirda 13 ta sport turi bo‘yicha faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan parasportchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sirdaryo viloyat bosqichi Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.  Unda shohsupaga ko‘tarilgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Darvoqe, ommaviy sport musobaqalarining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lganlar Respublika bosqichiga yo‘l olib, o‘z viloyatlari sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritadi.

Shuningdek, “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining Namangan,  Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy saralash bosqichlari davom etmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA