Sog‘lom turmush tarzi – farovon hayot asosi

284

Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, muhim dargoh sifatida ardoqlab kelgan. Zero, barkamol avlodni tarbiyalash, jamiyatga foydali shaxsni voyaga yetkazish, avvalo, sog‘lom va ahil oila muhitida shakllanadi. Xususan, farzandlarini xalq va Vatanga sadoqatli, fidoiy qilib tarbiyalash – har bir ota-onaning muqaddas burchidir.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi hamkorligida oilalar o‘rtasida ahillik, barqarorlik va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi musobaqa uyushtirildi. Tadbirning asosiy maqsadi oilaviy sportni ommalashtirish, turli yoshdagi fuqarolar o‘rtasida jismoniy faollikni kuchaytirish, oilalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashdir.

15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Robaxon Mahmudova ham ishtirok etib, sportchi oilalar vakillarini bayram bilan qutlab, bellashuvlarda omad tiladi.

“Oilaviy sport” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu musobaqada Nukus shahrida istiqomat qilayotgan 7 ta faol sportchi oila qatnashdi. Ishtirokchilar stol tennisi koptogini qoshiqqa solib, uni tishlagan holda to‘siqlar orqali yugurish, to‘plar bilan to‘siqlarni aylanab o‘tish, kichik darvozaga to‘p tepish, jamoaviy “Ovchi va quyon” o‘yinlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni “Shig‘is” mahalla fuqarolar yig‘inidan Haydarovlar, ikkinchi o‘rinni “Barkamol avlod” mahalla fuqarolar yig‘inidan Primbetovlar, uchinchi o‘rinni esa “Gone qala” mahalla fuqarolar yig‘inidan Pardaxanovlar oilalari egalladi.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullapev (surat), O‘zA