O‘zbekiston – Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

259

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning sakkizinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz boshchiligidagi rasmiy delegatsiya va mahalliy vazirliklar, tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Jamshid Qo‘chqorov hamda Jevdet Yilmaz so‘zga chiqib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik savdo aloqalarini mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etdi.

Bosh vazir o‘rinbosari ta’kidlaganidek, keyingi yillarda ikki mamlakat rahbarlari sa’y-harakatlari bilan hamkorlikning keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga erishilgan.

– 2024 yilda Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining 3-yig‘ilishi va uning doirasida ilk bor o‘tkazilgan ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuv bundan dalolatdir. Bugun tashkil etilgan yig‘ilish, ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi davra suhbati va forum konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi. Shuni alohida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan makroiqtisodiy barqarorlik va yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atini kamida 6 foiz darajasida ta’minlash, 2030 yilga borib uni 200 milliard dollarga yetkazish va shu asnoda aholi farovonligini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish asosiy vazifa sifatida belgilab berilgan. Ushbu maqsadlarga erishishda Turkiya mamlakati bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, investitsiya va sanoat kooperatsiya aloqalarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Turkiya savdo sohasida O‘zbekistonning yetakchi hamkorlaridan biridir. Oxirgi 8 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari qariyb 2,5 baravar oshdi. O‘tgan yil natijalari 2,9 milliard dollarni tashkil etdi. Galdagi vazifamiz shuki, o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish. Mamlakatimizda hozirgi kunda 2 mingdan ortiq Turkiya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Bu ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi, – dedi J.Qo‘chqorov.

Konstruktiv va o‘zaro anglashuv ruhida kechgan komissiya yig‘ilishida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati chuqur tahlil qilindi. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmini yanada kengaytirish, sarmoyaviy faollikni oshirish va sektorlararo integratsiyani chuqurlashtirish borasida aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz o‘z so‘zida O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni ijobiy baholab, mamlakatdagi investitsiyaviy muhitning barqaror va jozibadorligini qayd etdi.

– Ota yurtimiz – O‘zbekistonga tashrif buyurganimizdan juda mamnunmiz. Bugungi kunda O‘zbekiston bilan har bir bosqichda hamkorligimiz mustahkamlanib bormoqda. Munosabatlarimiz keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bunday manfaatli aloqalarimiz yuqori bosqichlarga ko‘tarilishida ikki davlat rahbarlarining qat’iyati, kuchli siyosiy irodalari va umumiy qarashlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Turkiya tomonidan ham yuqori darajali uchrashuvlarni muntazam o‘tkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. 2025 yil 29 yanvar kuni Anqara shahrida Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekiston tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu doirada umumiy qadamlar tashlanmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Turkiya iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom etmoqda. 2024 yilda o‘sish 3,2 foizni tashkil etdi. 2023 yilda iqtisodiy hajmimiz 1 trillion dollar darajasiga yetib bordi. 2024 yilda esa u 1,3 trillion dollarga yetdi. Ushbu yilda umid qilamizki, 1,4 trillion dollardan ortiq iqtisodiy hajmga erishamiz. So‘nggi yigirma ikki yil davomida eksportimiz 36 milliard dollardan 262 milliard dollarga ko‘tarildi. Shu doirada O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarimiz ham tez sur’atda rivojlanmoqda. 2024 yilda savdo aylanmamiz 3 milliard dollar atrofida bo‘ldi. Bu, albatta, yetarli emas. Uni yanada oshirishni xohlaymiz. Tomonlar o‘rtasida belgilangan rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda savdo hajmini 5 milliard, keyinchalik 10 milliard dollarga yetkazishimiz lozim. Bu doirada imtiyozli savdo kelishuvining kengayishi va yangi mahsulotlarning bozorga kiritilishi juda muhim, – dedi Jevdet Yilmaz.

Yig‘ilish yakunida qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq reja va yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. Bu borada eksport-import operatsiyalarini soddalashtirish, bojxona tartib-taomillarini moslashtirish va biznes uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, komissiya yig‘ilishi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi va sanoat ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA