Hududlardagi malaka oshirish markazlarini ta’mirlash ishlari yil oxirigacha yakunlanishi shart
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi yuzasidan o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
Avloniy malaka oshirish institutining 13 ta hududiy markazidagi yondashuvlarni ham, dasturlarni ham tubdan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, Jizzax malaka oshirish markazidagi 60 nafar professor-o‘qituvchining barchasi AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyani yetakchi oliygohlari dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.
Shu bilan birga, maktabdagi 17 ta fanni har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi.
Har bir tayanch maktabning 1 nafar o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Ya’ni, ularning bilim va amaliy ko‘nikmasi markaz o‘qituvchisidan kam bo‘lmaydi.
Ushbu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududdagi 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi, yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi qolgan muallimlarni malakasini oshirib boradi.
Tuman hokimlari tayanch maktablarda 1 ta kasbiy mahorat xonasini tashkil qilish va uni to‘liq jihozlashga mas’ul bo‘ladi.
Barcha viloyat hokimlari Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti andozasi asosida hududlardagi malaka oshirish markazlarini ta’mirlash ishlarini yil oxirigacha yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi.
O‘zA