Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

215

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev o‘tkazgan majlis Qorao‘zak tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Unda tumanni har tomonlama rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish va boshqa belgilangan rejalarning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Majlis davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilanib, aniq topshiriqlar berildi. O‘z vazifasini bajarishga loqaydlik bilan qarayotgan rahbarlarga intizomiy jazo chorasini qo‘llash va zarur bo‘lsa, lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

***

“Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filiali tomonidan iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.

Kegeyli tumani bo‘yicha tabiiy gaz yetib bormagan qishloq joylardagi 1 ming 865 iste’molchiga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda 4 ming 828 ta aylanma maishiy gaz balloni ishlatilmoqda. Kegeyli tumani gaz ta’minoti filiali suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i V.Bekniyazovning ta’kidlashicha, 2024 yil uchun aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish rejasi 357,8 tonnani tashkil etib, amalda 364,5 tonna yetkazib berilgan.

***

Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonning namunali oilasi” ko‘rik-tanlovining Bo‘zatov tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hududidagi mahallalardan jami beshta namunali oila ishtirok etib, belgilangan shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Tanlov yakunida g‘oliblar aniqlandi va ularga tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘inidan Bekniyazovlar oilasi tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri