Ustoz jurnalist xotirlandi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tashabbusi bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Nukus tumanidagi “Azler bobo” qabristonida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kengesbay Reymov qabrini ziyorat qilishdi.
Marhum ustoz jurnalistning ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Uning Qoraqalpog‘iston jurnalistikasini rivojlantirishdagi, yoshlarni tarbiyalashdagi fidokorona xizmatlari, ajoyib insoniylik fazilatlari haqida iliq so‘zlar aytildi.
Kengesbay Reymov 1980 yili Toshkent davlat (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatib, hozirgi “Qaraqalpaqstan jaslarы” gazetasida ish boshladi. So‘ng “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasi bosh muharririning o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining matbuot kotibi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi, “Yerkin Qaraqalpaqstan” – “Vesti Karakalpakstana” gazetalari bosh muharriri lavozimlarida faoliyat olib bordi.

Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan ma’naviy va ma’rifiy ishlarda faol ishtirok etib, so‘nggi besh yil davomida o‘zbek adabiyotining yetuk namunalarini qoraqalpoq tiliga tarjima qildi. Jumladan, Sh.Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i” dostonini, xalq shoiri Iqbol Mirzoning “Aytchi do‘stim, nima qilding Vatan uchun?”, Usmon Azimning “Tong otgan tomonlarda” dostonlar va she’rlarini, Sa’dulla Hakimning tanlangan asarlarini, Nurali Qobulning “Sadoqat saroyining malikasi –” Zulfiyaxonim” essesini, shuningdek, “Boburnoma” kitobini, qozoq shoirlari To‘legen Aybergenovning “Armon bulog‘i”, Qadir Mirzaliyevning “Ulug‘ muhabbat” she’rlarini tarjima qilib, nashrdan chiqardi. Shu bilan birga, Prezidentimizning bir qator asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlagan dono siyosatini aholi orasida keng targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatdi.
Jurnalist uchun eng katta baho el-yurt e’tiboridir. K.Reymovning jurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, unga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni berildi. U O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi sifatida ham hamkasblari, shogirdlari qalbidan munosib joy topa oldi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari shu kuni marhum ustoz jurnalistning xonadonida ham bo‘lishib, uning oila a’zolaridan xabar olishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri