Tokio shahrida IT Park O‘zbekistonning vakillik ofisi ochildi
Xabar berganimizdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida bir nechta IT kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat uchun ham IT sohasini yanada rivojlantirishda manfaatli bo‘ladigan loyihalar muhokama qilindi. Ayniqsa, AKT sohasidagi iqtidorli yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirish, sohaga yanada qiziqtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tashrif davomida erishilgan yangiliklardan yana biri Tokio markazida IT Park O‘zbekistonning vakillik ofisining ochilishi bo‘ldi. Ushbu tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, vakillik ofisini ochishdan asosiy maqsad — Yaponiya kompaniyalari bilan IT autsorsing, investitsiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, IT Parkning imkoniyatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot berish hamda Yaponiya bozoridagi biznes hamkorlar uchun ishonchli aloqa nuqtasini yaratishdan iborat.

Marosim doirasida IT Parkning Yaponiya bozoridagi rejalari, IT xizmatlari, soliq imtiyozlari va kadrlar tayyorlash dasturlari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Shuningdek, IT Park hamda “Digital Knowledge” kompaniyasi o‘rtasida vakillik ofisining faoliyatini birgalikda yo‘lga qo‘yish, Yaponiya kompaniyalari bilan bog‘lanish va ularni O‘zbekistonning IT bozoriga jalb qilish borasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

IT Parkning Tokio shahridagi vakillik ofisi Yaponiya kompaniyalari uchun ishonchli aloqa nuqtasi, rezident kompaniyalar uchun esa yangi hamkorlik eshigi vazifasini bajaradi. Ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi IT, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA