BMT Rossiya va Ukraina muzokarasini olqishladi

205

BMT Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazish va 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusini olqishlaydi, dedi Bosh kotib vakili Stefan Dyujarrik.

– Albatta, 30 kunlik tinishga qaratilgan so‘nggi tashabbus, RF va Ukrainaning bevosita muzokara olib borish qarori bizni behad quvontirdi, dedi u jurnalistlar uchun tashkil qilingan brifingda.

Kuni kecha Prezident Vladimir Putin Ukrainaga 15 may kuni Istanbulda hech qanday shartsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara taklif qildi. Davlat rahbari muloqot davomida tomonlar urushni to‘xtatishga kelishishi mumkinligini istisno etmadi. Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlashicha, Moskva tinch yo‘l bilan uzoq muddatli bitimga erishish yo‘lini topishga jiddiy bel bog‘lagan. Taklif etilayotgan muzokaradan ko‘zlangan maqsad esa mojaroning asl sababini aniqlash va bartaraf etish, Rossiya manfaatini ta’minlashdan iborat.Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy esa RF yana bir bor nomaqbul shartlar ilgari sura boshlaganini ta’kidlab, Moskva 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga rozi bo‘lsagina, Kiyev muzokara davrasiga qo‘shilishini bildirdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kiyev rasmiylarini Putinning taklifiga zudlik bilan rozi bo‘lishga chaqirdi. Amerika rahbari fikricha, bunday muzokara hech bo‘lmaganda “kelishuvga erishish mumkinmi o‘zi”, degan savolga javob olish imkonini beradi.

Keyinroq Zelenskiy rus hamkasbini payshanba kuni Turkiyada kutishini aytdi.

Ta’kidlash joiz, Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Ukraina va Rossiya muloqotini har doim qo‘llab-quvvatlagan. Бu gal ham Zelenskiy bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida ayni istak “o‘ta muhim”ligi, jarayonga Turkiya har bosqichda yordam berishini tasdiqladi.

– 2022 yil mart oyida Rossiya – Ukraina inqiroziga yechim topishga juda yaqin edik, biroq “urush baronlari” aralashuvi bilan urinishimiz barbod bo‘ldi, – dedi Turkiya rahbari dushanba kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyin xalqqa qilgan murojaatida. – Mana endi Rossiya, Ukraina va Qo‘shma Shtatlar muzokara zarurligi bo‘yicha kelishib oldi. Barcha tomonlar ishonchini qozongan yagona davlat sifatida biz yana bir bor ta’kidladikki, tinchlik muzokarasiga hissa qo‘shishga tayyormiz. Ishonamizki, bu galgi  harakatimiz behuda ketmaydi.

Shuningdek, Turkiya rahbari seshanba kuni Istanbulda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan ham bo‘lajak muzokarani muhokama qilishi mumkin, degan Anqaradagi diplomatik manba “RIA Novosti” muxbiriga.

Turkiya rahbarining NATO Bosh kotibi bilan suhbati seshanba kuni Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ommaviy axborot vositalari vakillaridan xoli o‘tkaziladigan muloqot kun tartibiga Rossiya – Ukraina ziddiyati va kutilayotgan muzokara jarayoni kiritilishi ehtimoli yuqori.

G‘arbning yetakchi davlatlari, jumladan Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari hamda Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Londondagi uchrashuvdan so‘ng o‘z pozitsiyasini quyidagicha bayon qildi: Ular “30 kunga o‘t ochishni to‘liq va shartsiz to‘xtatish”ni  qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.

– AQSH yetakchiligidagi tinchlik sa’y-harakati va keyingi muzokara istiqbolini olqishlaymiz, – deyilgan Buyuk Britaniya TIV uchrashuv yakuni bo‘yicha e’lon qilgan bayonotda. – Biz adolatli, keng qamrovli va mustahkam tinchlik uchun maydon yaratish maqsadida o‘t ochishni 30 kunga zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz to‘xtatishga chaqirishga qo‘shildik.

Shuningdek, vazirlar Ukrainani qurol-yaroq va o‘q-dori bilan ta’minlash davom etishi, mamlakatga “xavfsizlik kafolati” taqdim etish majburiyati olinishi zarurligini ta’kidlashdi.

– Bu havo, quruqlik va dengiz kuchlari koalitsiyasini yaratish imkoniyatini ifodalaydi, – deyilgan bayonotda.

S.Rahimov,O‘zA