G‘olib jamoaga kubok topshirildi (+video)
Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 67-maqsadida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadiganlar sonini oshirish, ta’lim muassasalari xodimlarini sport tadbirlariga keng jalb qilish, ular o‘rtasida musobaqalar tashkil qilish, sport infratuzilmasini yaxshilash va zarur sport inventarlari bilan jihozlash, xodimlarning jismoniy faolligi darajasini oshirish, ta’lim muassasalaridagi sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, o‘qituvchilarning bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish belgilangan.
Shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror asosida “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi Nukus shahridagi 1- va 2-sonli sport maktablarida, Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti hamda Yoshlar markazida bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar sportning mini futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida ta’lim muassasalarining xodimlari ishtirok etdi.
Murosasiz o‘tgan sport musobaqalarida g‘olib jamoalar aniqlandi. Jumladan, stol tennisi bo‘yicha ayollar o‘rtasida Taxiatosh tumanidan Yulduz Xudaybergenova, erkaklar o‘rtasida Ellikqal’a tumanidan Ixtiyar Kurbanov, shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida Chimboy tumanidan Gulsao‘ir Bekmuratova, erkaklar o‘rtasida Kegeyli tumanidan Abbaz Saparbayev, shashka bo‘yicha ayollar o‘rtasida Qo‘ng‘irot tumanidan Dilfuza Urazbayeva, erkaklar o‘rtasida To‘rtko‘l tumanidan Xushnud Ozod o‘g‘li, voleybol bo‘yicha ayollar o‘rtasida Taxtako‘pir tumani, erkaklar o‘rtasida Nukus shahri jamoalari g‘olib deb topildi. Shu bilan birga, mini futbol bo‘yicha Nukus shahri jamoasi g‘olib deb topildi. “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida jamoaviy hisobda Nukus shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib jamoaga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi hamda 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi. Shuningdek, g‘oliblar hamda turli nominatsiya egalari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA.