Bojxona postida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

113

Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yilning boshida ilgari surilgan tashabbus asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida bittadan maktablar bojxona organlari tomonidan otaliqqa olingan bo‘lib, ularda ta’lim olayotgan yoshlarni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga qiziqishini hozirdan shakllantirish maqsadida “Yosh bojxonachi” to‘garaklari ish boshlagan edi.

O‘quv yili davomida to‘garak doirasida tashkil etilgan nazariy o‘quv mashg‘ulotlari bojxona postlariga chiqqan holda amaliy jihatdan mustahkamlanmoqda. Ushbu maktabning bir guruh yoshlari uchun “Nukus-aeroport” chegara bojxona postida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilib, unda o‘quvchi yoshlar mazkur post faoliyati, bojxona chegaralari orqali harakatlanish tartibotlari bilan tanishdi.

Bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari davomida berilgan nazariy bilimlar, bojxona postidagi nazorat texnik vositalari, axborot dasturlaridan foydalanish istiqbollarini amaliy ko‘rgan o‘quvchilar uchun katta ko‘nikmaga aylandi. Asosiysi bu tashrif ularning bojxona organlari faoliyati haqida taassurotlari oshishiga xizmat qildi.

Xalqaro aeroportlarda bojxona nazoratining amalga oshirilishi, “qizil” va “yashil” yo‘laklar ahamiyati, skaner qurilmalarining imkoniyatlari, tahlil qilish qobiliyatlari haqida tushunchalarga ega bo‘lgan o‘quvchilar, sayyor o‘quv mashg‘uloti davomida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.Ayniqsa, amaliy o‘quv jarayonida profayling yo‘nalishida olingan ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqa-o‘yinida o‘quvchilar katta qiziqish va faollik bilan ishtirok etib, bojxona sohasining keng qamrovli faoliyatini his qildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri