Taekvondo WT: O‘zbekiston madhiyasi Jahon chempionatida yangradi
Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida taekvondo WT bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati davom etmoqda. Unda dunyoning 90 dan ortiq davlatidan 820 ga yaqin yosh sportchi ishtirok etmoqda.
Kecha, 10 may kuni musobaqaning ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasidan 4 nafar sportchi dayanga chiqdi. Ulardan biri — -37 kg vazn toifasida ishtirok etgan Sultonbek Nabiyev chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Sultonbek finalgacha beshta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi bahsda u serbiyalik David Kukich bilan to‘qnash keldi. Murosasiz kechgan jang yakunida hamyurtimiz 2:1 hisobida zafar quchdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Chempionat g‘alabasidan so‘ng Fujayra sport majmuasida O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

— Jahon chempionatida munosib ishtirok etishimiz uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratildi. Toshkent, Rossiya va Belarusda o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari terma jamoa tarkibini kuchaytirishga xizmat qildi. Bu galgi musobaqada 10 nafar o‘g‘il va 10 nafar qiz sportchimiz ishtirok etmoqda. Birinchi kunning o‘zida 4 nafar sportchimiz dayanga chiqib, 1 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Maqsadimiz — Fujayra chempionatida maksimal natijaga erishish, — deydi kichik o‘smirlar terma jamoasi katta murabbiyi Konstantin Li.

Jahon chempionati bellashuvlari 14 mayga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2026 yilgi yoshlar o‘rtasida tashkil etildadigan jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu haqda yaqinda o‘tkazilgan Butunjahon taekvondo federatsiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida e’lon qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA