Og‘ir atletika: Akbar Jo‘rayev va jamoa Osiyo chempionatida Vatan sharafini himoya qilmoqda
Shu kunlarda Xitoyning Jiangshan shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu nufuzli musobaqada qit’aning 30 ga yaqin davlatidan eng kuchli polvonlar ishtirok etmoqda. O‘zbekiston terma jamoasining 11 nafar vakili mamlakatimiz sharafini himoya qilishga hozirlik ko‘rmoqda.

Bugun, 10 may sanasida -67 kg vazn toifasidagi bahslarda yurtimiz nomidan Ho‘sinboy Matrasulov sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Jiangshandagi bellashuvlarda tajribali sportchilarimiz — Akbar Jo‘rayev, Sharofiddin Amriddinov, Tursunoy Jabborova va Rigina Adashbayeva bilan birga bir qator yosh atletlarimiz ham ilk bor kattalar o‘rtasidagi bu yirik musobaqada o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘radi. Ushbu chempionat “kichik jahon chempionati” deya e’tirof etilishi bejiz emas.

Musobaqa doirasida Osiyo Og‘ir atletika federatsiyasining (AWF) navbatdagi kongressi ham bo‘lib o‘tdi. Unda 2026-yilgi o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish uchun O‘zbekiston eng ko‘p ovoz to‘plab, da’vogar davlatlar orasida peshqadam bo‘ldi.

Kongressda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shaxrillo Mahmudov va AWF ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etib, 40 ga yaqin mamlakat vakillariga mamlakatimizda sport, xususan og‘ir atletikaning rivojlanishi, ushbu yo‘nalishda iqtidorli sportchilarni tayyorlash tizimi haqida ma’lumot berishdi.
Musobaqaning dastlabki kunlarida ayollar o‘rtasida 45 va 49 kilogramm, erkaklar o‘rtasida esa 55 kilogramm vazn toifalarida bahslar bo‘lib o‘tdi.
Osiyo chempionati 15 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA