Nukusda 3 ming 210 ta alkogol mahsuloti yo‘q qilindi
Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlari asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan 3 ming 210 ta alkogol va 800 litr spirt mahsulotlarini yo‘q qilish belgilangan edi.
Ushbu sud qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakati natijasida tegishli idoralar xodimlari ishtirokida belgilangan alkogol mahsulotlari yo‘q qilinib, sud qarorlari ijrosi amalda ta’minlandi.
–Bugungi kunda aholini inson sog‘ligiga zarar yetkazmaydigan sifatli maxsulotlar bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, afsuski, insonning kuchli zaharlanishiga, hattoki, o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘lbola ishlangan, hech bir standart talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berish va ularni aldab sotish holatlari, afsuski, uchrab turibdi, – deydi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi katta inspektori Shexnazar Ro‘zimov.
Tadbir davomida, shuningdek, 10 ming 565 ta qalbaki aksiz marka, “Qarataw” arog‘ining 15 ming 843 dona etiketkasi ham yo‘q qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri