Orolbo‘yida energiya tejamkorligiga erishilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari Chimboy tumanidagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar va aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellari samaradorligini joylarga chiqqan holda o‘rganishdi.
Ta’kidlash joizki, joylarda muqobil energiya manbalarining o‘rnatilishi va ularning ish holati bojxona xodimlari tomonidan muvofiqlashtirilib borilmoqda. Tumandagi Kokshi qal’a mahallasida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan biri o‘z hududiga 50 kVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatgan. Mazkur ob’ekt muqobil energiya manbalari orqali oyiga o‘rta hisobda 1200-1500 kVt, yiliga esa 15-18 mVt elektr energiyasini o‘z ehtiyoji uchun sarflamoqda. Shuning natijasida tashkilot tomonidan elektr energiyasi uchun sarflanadigan yillik 20-24 million so‘m miqdorida pul mablag‘i iqtisod qilinishiga erishilmoqda.

Tumandagi “Orjap” mahallasidagi xonadonlardan biriga o‘rnatilgan 10 kVtlik quyosh panellari orqali yiliga 3-3,5 mVt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Mazkur “yashil energiya”ning teng yarmi xonadonning ehtiyoji uchun to‘liq yetarli bo‘lib, qolgan qismi tarmoq orqali davlatga sotilishi ham ta’minlanmoqda. Bu esa xonadon ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasiga ketadigan harajat iqtisod bo‘lishidan tashqari, oilaga yillik 2-3 million so‘m miqdorida qo‘shimcha daromad ham olib kelmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri