Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda muhim omil

194

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma rahbariyati va shaxsiy tarkibi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, har bir jabhada korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatning shakllantirilishida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat bojxona xizmati organlarida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va hal etishning asosiy maqsadi, xodimlar tomonidan mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida ushbu holatga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni bartaraf etish, ular tomonidan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi.

Tadbirda Adliya vazirligi mas’ul vakillari ishtirokida korrupsion holatlarga olib keluvchi eng xavfli xatarlardan urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘luvchi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning ahamiyati borasida fikr almashildi.

Ta’kidlash joiz, bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratida inson omilini kamaytirib, bojxona tizimidagi korrupsion holatlarning oldini olishda sohaning raqamlashtirilganlik darajasi muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda bojxona organlari faoliyatida 35 ta axborot tizimi, 15 ta interaktiv xizmat va 11 ta mobil ilova joriy etilib, salbiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarning barchasi bartaraf etilmoqda.

Tashkil etilayotgan bu kabi uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, xodimlar o‘rtasida tamagirlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va kimgadir suyanish orqali o‘z xizmat vakolatidan chetga chiqish holatlarining oldini olishdan iboratdir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.