Suvdan oqilona foydalanishni ta’minlash – muhim masala
FOTOREPORTAJ
Joriy yilda hukumatning tegishli qarorlari hamda dasturlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 4 ta kanalda rekonstruksiya, betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ulardan biri Nukus tumanidagi “Aqmang‘it” kanalidir.
Dastur doirasida mazkur kanalning 9,5 kilometr qismini betonlashtirish belgilangan bo‘lib, bu ishlarga 9 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi kunda kanalni joriy sug‘orish mavsumigacha belgilangan qismida betonlash ishlari nihoyasiga yetkazilib, kanalga suv ochildi.
Mazkur kanal orqali tumandagi bir qancha fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlari suv bilan ta’minlanadi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvdan oqilona foydalanish o‘zining ijobiy natijasini berishi tajribadan ma’lum. Shuning uchun bu muammolarni hal qilishda kanal, ariq, zovurlarni betonlash juda muhim hisoblanadi.
E’tiborlisi, kanalni rekonstruksiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish natijasida, yiliga 7 million metr kub suv iqtisod qilinishi kutilmoqda. Shu bilan birga, jami 2 ming gektardan ortiq fermer xo‘jaligi hamda aholi tomorqa maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi. Asosiysi, suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu ishlar sarf-xarajatlarni kamaytirish, qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirishga asos bo‘ladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA