Amalga oshirilgan ishlar va rejalar tahlil qilindi
Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi tashabbusi bilan tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i D.Palvanovning sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti dastlab deputatlik guruhda, keyin tuman Kengashining navbatdagi sessiya majlisida muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot tizimida bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilishga qaratilgan keng qamrovli izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, ixtisoslashtirilgan tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu aholi salomatligini mustahkamlash, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalasidir. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, partiya mahalliy Kengashlardagi o‘z deputatlik guruhlari orqali aholining qaysi hududda yashashidan qat’i nazar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat olish, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali sohada shaffoflikni ta’minlash, kam ta’minlangan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish maqsad qilgan.
Kun tartibidagi masala bo‘yicha tuman Kengashi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi va uning ijrosini nazorat qilish tuman Kengashining ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi hamda partiya deputatlik guruhi zimmasiga yuklatildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.